“Turon” nomidagi axborot-kutubxona markazida adabiy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir doirasida mashhur yozuvchi Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz” romanining yangi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, To‘lqin Eshbekovning “Boburning gavharlari” va “Buxoroi sharif ziyosi” nomli sheʼriy to‘plamlari, shuningdek, “Generalning mangu yulduzi” nomli asar taqdim etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti tinglovchilari faol ishtirok etdilar.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga asarlarning mazmuni, tarixiy va maʼnaviy ahamiyati, ularning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni haqida keng maʼlumotlar berildi. Tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan chiqish qilib, kitoblar haqida fikr almashdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzeyga tashrif buyurishdi. U еrda yozuvchining shaxsiy buyumlari, qo‘lyozmalari va adabiy merosi bilan yaqindan tanishib, boy tarixiy maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.
Institut Matbuot xizmati