Joriy yilning 21-aprelidan boshlab Jizzax viloyatida aholi muammolarini o‘rganish va hal etish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, shuningdek, migratsiyada bo‘lgan fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shu doirada, Respublika ishchi guruhining Jizzax shahriga biriktirilgan vakili B. Musurmanov og‘ir hududlar sirasiga kiruvchi “Sayxon” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi tomorqalariga suv chiqarish, beton ariqlar orqali suv yetkazib berish, KVP (kichik vodoprovod punkti)ni ta’mirlash kabi amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida loyiha ustida ishlayotgan mutasaddilar va pudratchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Ishlarning sekin sur’atda ketayotgani tanqid ostiga olinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Suv infratuzilmasini yaxshilash orqali aholi tomorqalarining unumdorligini oshirish va turmush sharoitlarini yaxshilash dolzarb vazifa etib belgilandi.
Hududdagi mavjud muammolarni zudlik bilan hal etish, ishlarni sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga qat’iy ko‘rsatmalar berildi.
Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati