O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan, joriy yilning 21-aprel sanasidan boshlab Respublika ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyati mahallalarida aholining mavjud muammolarini o‘rganish, ularni hal etish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda chet elda mehnat qilayotgan fuqarolar bilan manzilli ishlash yo‘nalishlarida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur topshiriq ijrosini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida Jizzax shahar hokimligi majlislar zalida muhim yig‘ilish tashkil etildi. Unda Jizzax shahar hokimi K.Xolmurodov hamda Respublika ishchi guruhi a’zosi B.Musurmonov boshchiligida shahardagi barcha mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida Prezident topshirig‘iga muvofiq belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Aholi murojaatlari asosida joylarda amalga oshirilayotgan ishlar, muammolarni joyida hal etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, har bir mahalla bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni aniqlash va ularga zarur ko‘mak ko‘rsatish masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida ishchi guruh va mahalliy hokimliklar o‘rtasida hamkorlikda ishlash, vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash va aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq rejalar belgilab olindi.
Mazkur tashabbus aholi farovonligini oshirish, muammolarga bevosita joylarda yechim topish hamda davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati