Yangilik haqida batafsil

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan tadbir
March 8, 2025

     O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish institutida “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayramiga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

      Taʼkidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda ayollarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ularni yangi O‘zbekistonni barpo etishning barcha sohalarida faol ishtirok etib, Vatanimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishga undayotganligi, oila va jamiyat ko‘rki, hayotimizning fayzi bo‘lgan  ayollarni eʼzozlash, hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan.

      Bayram munosabati bilan ushbu dargohda uzoq yillar samarali mehnat faoliyati bilan yosh avlodga taʼlim-tarbiya berib, kasbiy mahorati bilan barchaga o‘rnak bo‘layotgan faol ayol safdoshlarimiz, iqtidorli tinglovchilar taqdirlandi.

      Tadbirda bayram munosabati bilan Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan rag‘batlantirilganlarga “Aʼlo xizmatlari uchun”, 3-darajali “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, Ichki ishlar vazirligining esdalik qo‘l soati, “Podpolkovnik” maxsus unvon va pul mukofotlar topshirildi.

     Shuningdek, vazirlik Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi taʼlim muassasalari bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan ham sovg‘alar ulashildi.

    Tinglovchilar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari va sanʼatkorlarning kuy-qo‘shiqlari davraga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

     IIV Malaka oshirish instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va xodimlari barcha ayollarni nafosat va go‘zallik bayrami 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etadi. Mehribon opa-singillarimizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, ezgu ishlarida muvaffaqiyatlar tilaydi. Oilalaringizdan xotirjamlik, tinchlik, fayzu baraka arimasin!

 

Institut Matbuot xizmati