Malaka oshirish institutining kasbiy tayyorgarlik fakultetida (keyingi o‘rinlarda - kasbiy tayyorgarlik fakulteti) besh oylik dastur bo‘yicha ichki ishlar organlarining serjant tarkibidagi lavozimlariga nomzodlarni maxsus kasbiy tayyorlash amalga oshiriladi.
Kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan 200 nafargacha bo‘lgan kvotalar doirasida tanlov asosida amalga oshiriladi hamda ta’lim oluvchilarga o‘rnatilgan tartibda moddiy ta’minot belgilanadi;
Kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Kasbiy tayyorgarlik fakultetining maqsadi, vazifalari va funksiyalari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, huquqlari va majburiyatlari, fakultet faoliyatini tashkil etish tartibi fakultet nizomida belgilanadi.
Kasbiy tayyorgarlik fakultetida mutaxassislar o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan ta’lim mutaxassisliklari ro‘yxati asosida tayyorlanadi.
Serjantlar tarkibini maxsus kasbiy tayyorlash jarayoni ularning boshlang‘ich tayyorgarlikdan o‘tishini ham qamrab oladi.
Kasbiy tayyorgarlik fakultetini tamomlagan xodimlarga “kichik serjant” maxsus unvoni hamda belgilangan namunadagi diplom beriladi.
Kasbiy tayyorgarlik fakultetini tamomlagan xodimlar jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va o‘qotar qurolni qo‘llash hamda mustaqil ravishda xizmat faoliyatini olib borish huquqiga ega bo‘ladi va keyingi xizmatini davom ettirish uchun o‘rnatilgan tartibda ichki ishlar organlariga yuboriladi.
Maxsus kasbiy tayyorlash kursi davomida o‘qishdan chetlashtirilgan, shuningdek, tegishli diplomni olmagan tinglovchilar o‘qishga kirishdan oldin ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari sirasidan bo‘lganlar o‘z xizmat o‘tash joyiga qaytarib yuboriladi.
Fuqarolar orasidan qabul qilingan tinglovchilarning Maxsus kasbiy tayyorlash kursi davomida o‘qishdan chetlashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ta’lim muassasalari kursant va tinglovchilarining o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomiga muvofiq amalga oshiriladi.