O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish institutida tantanali tadbir

16.04.2026 254 times viewed

     Kuni kecha institut raxbariyati, professor-o‘qituvchilari, xodimlar va tinglovchilar hamda faxriylar ishtirokida ajoyib bir sana Malaka oshirish instituti tashkil etilganligining 5 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.

    Ushbu qisqa ammo mazmunli davr mobaynida malaka oshirish instituti Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlash va soha hodimlarining bilimlarini yuksaltirishda o‘ziga xos maktabga aylandi.

    Tantanali marosim Ichki ishlar vaziriligi Malaka oshirish instituti boshlig‘i polkovnik Axmedov Olimjon Tursunboyevich nutqi bilan boshlanib, institut tarixi, 5 yillik davr mobaynida tashkil etilgan o‘quv kurslar, ularning statistik tahlili,  institutning ilmiy salohiyati, amalga oshirilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, davlatlar va respublika tashkilotlari, taʼlim muassasalari bilan xamkorliklar, insitut xodimlarini xorijiy davlatlarga qilgan xizmat safarlari, moddiy texnik bazasi, qurilish-taʼmirlash ishlariga alohida to‘xtaldi.

    Marosimning eng muhim qismi sifatida taʼsis etilgan Institutning 5 yillik  esdalik nishoni shu davrlar oralig‘ida institut faoliyati ravnaqi yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘shgan va o‘quv jarayonlarini sifatli tashkillashtirishda beminnat xizmat ko‘rsatgan jamoa vakillariga topshirilishi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

   Dasturga ko‘ra, institutning bo‘lim,  kafedra va sikl rahbarlari tomonidan taʼlim sifatini oshirish, mutaxassislar salohiyatini yuksaltirish va zamonaviy bilimlarni joriy etishda erishilgan yutuqlar haqida axborot-prezentatsiyalari ham namoyish etildi.

   Shuningdek,  tadbirni yana-da ko‘tarinki ruhda davom etishiga hissa qo‘shgan Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyi  Ashula va raqs ansamblining xushovoz xonandalarining badiiy chiqishlari hamda institut tinglovchilari tomonidan ijro etilgan sho‘x raqslar yig‘ilganlarga yuqori kayfiyat  baxsh etdi.

   Alohida taʼkidlash joizki, tadbir davomida institut ravnaqi va faoliyati yo‘lida ulkan hissa qo‘shgan va fidokorona xizmat olib borgan institut faxriylariga esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.

   Tantanali tadbir dasturi yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh va xush kayfiyatni tuhfa etdi. Bu esa kelgusida institut jamoasini birdamlik asosida yuksak maqsadlar sari intilishga hamda yuqori natijalarga erishida o‘z taʼsirini ko‘rsatishi, yangi yutuq va zafarlar uchun mustahkam zamin yaratishiga xizmat qiladi.