Toshkentda kiberxavfsizlik va raqamli transformatsiya masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Axborot texnologiyalari sikli xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutida “AKT muhitida dezinformatsiya, axborotni manipulyatsiya qilish hamda kiberjinoyat tahdidlariga qarshi zamonaviy yondashuvlar” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda bugingi kunda sodir etilayotgan kiberjinoyat turlari va ulardan himoyalanishning amaliy usullari, raqamli transformatsiyada sun’iy intellektning rivojlanish yo‘nalishlari, shuningdek uchuvchisiz uchadigan apparatlar (dronlar)dan foydalanish imkoniyatlari hamda istiqbollari keng muhokama qilindi.
Davra suhbatida ishtirokchilar kiberxavfsizlik bo‘yicha shaxsiy himoya choralarini kuchaytirish, ijtimoiy tarmoqlar va onlayn platformalarda uchraydigan firibgarlik turlari, shubhali havola va fayllardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratdilar.
Raqamli transformatsiyada sun’iy intellektning yo‘nalishlarida esa ta’lim, tahlil va avtomatlashtirish jarayonlarida sun’iy intellektning o‘rni, uning samaradorlikni oshirishdagi imkoniyatlari va mas’uliyatli qo‘llash tamoyillari yuzasidan fikr almashildi.
Uchuvchisiz uchadigan apparatlar mavzusida xavfsizlik va monitoring sohalaridagi amaliy qo‘llanilishi, sanoat, qishloq xo‘jaligi, texnik talablar hamda kelgusidagi rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Yakunda davra suhbati ishtirokchilari mavzularning dolzarbligini ta’kidlab, bunday uchrashuvlar amaliy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, yangi texnologiyalar bo‘yicha xabardorlikni oshirish hamda tajriba almashish uchun muhim ekanini qayd etdilar.