Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi

24.12.2025 286 times viewed

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–207-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Respublika ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjumanda “Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi va iste’moli uchun yuridik javobgarlikni takomillashtirish istiqbollari” mavzusi muhokama qilindi.

Tadbirning asosiy maqsadi sohaga oid ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish, profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish hamda tegishli tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Konferensiyada davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, soha mutaxassislari, olimlar, jamoat tashkilotlari faollari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

Institut Matbuot xizmati