Kelajakka qatʼiy qadam: 86 nafar tinglovchiga diplom topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida kasbiy tayyorgarlik fakultetining “Maxsus operatsiyalarni amalga oshirish faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan 86 nafar tinglovchining bitiruviga bag‘ishlangan tantanali marosim ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, Bektemir tumani hokimligi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faxriylari, jamoatchilik vakillari, shuningdek, bitiruvchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdilar.
Marosim davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xavfsizlik va jamoat tartibini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Marosimning tantanali qismida bitiruvchilarga belgilangan namunadagi diplomlar topshirildi va ularga “kichik serjant” maxsus unvoni berildi. Taʼlim davomida yuqori natijalarga erishgan, intizom va faolligi bilan ajralib turgan tinglovchilar alohida rag‘batlantirildi.
Shuningdek, mazkur sana munosabati bilan institutda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilib, u keng jamoatchilik uchun katta qiziqish uyg‘otdi. Unda Bektemir tumanidagi 290, 291 va 293-sonli umumtaʼlim maktablari o‘quvchilari hamda 575-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari ishtirok etdilar.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday tadbirlar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladilar.
Institut Matbuot xizmati