Malaka oshirish institutida – bahor nafasi
Shu kunlarda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Yurt obodligi, avvalo mahalladan boshlanadi!” shiori ostida keng ko‘lamli bahorgi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Mazkur tadbirlarda institut rahbariyati, xodimlari hamda tinglovchilari faol ishtirok etib, hududni tozalash, yo‘laklar va tevarak-atrofni tartibga keltirish, obodonlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan amalga oshirmoqdalar.
Hashar davomida institut hududi yanada obod va ko‘rkam qiyofa kasb etmoqda. Bahorgi ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida institut hududiga turli xil gul nihollari hamda manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Daraxtlarga shakl berilib, ular oqlanmoqda. Ariq-zovurlar, yo‘laklar va atrof-muhit shoh-shabba hamda turli chiqindilardan tozalanib, hudud ozoda va fayzli holatga keltirilmoqda.
Shuningdek, institut atrofi bilan chegaradosh hududlarda ham obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Mahallalar, aholi turar joylari, guzarlar, xiyobonlar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltirilib, atrof-muhitni yanada obod qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi ezgu tashabbuslar nafaqat hududning ko‘rkamligini oshirish, balki ekologik muhitni yaxshilash, yashil makon yaratish hamda jamoada tabiatga mehr va mas’uliyat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Institut Matbuot xizmati