Vatan himoyasi – sharafli va masʼuliyatli burch
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Nukus filialida tinglovchilarning qasamyod qabul qilish hamda bitiruv marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda institut rahbariyati, soha faxriylari, professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Marosim davlat madhiyasi yangrashi bilan boshlandi. So‘ngra tinglovchilar ichki ishlar organlari xodimi sifatida Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, xalq tinchligi va xavfsizligini muhofaza qilishga qaratilgan qasamyodni qabul qildilar.
Tadbirda Institut Nukus filiali boshlig‘i, polkovnik B.A.Ulugbekov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik O.T. Turdakov va boshqa so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda huquq-tartibotni mustahkamlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash va fuqarolar huquq hamda erkinliklarini himoya qilish yo‘lida ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan masʼuliyatli vazifalar haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, bitiruvchilarga xizmat faoliyatida yuksak masʼuliyat, halollik va fidoyilik tamoyillariga amal qilish zarurligi taʼkidlandi.
Bitiruvchilar kelgusida mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yo‘lida munosib xizmat qilishlarini bildirdilar.
Tantanali tadbir ko‘tarinki ruhda yakunlandi.
Institut Matbuot xizmati