“Temurbeklar maktabi” litseyi o‘quvchilari uchun ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi

20.01.2026 91 marta ko'rilgan

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchilari uchun ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarni institut faoliyati bilan yaqindan tanishtirish hamda uchuvchisiz uchish vositalari (dronlar) bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

Mashg‘ulotlar davomida Axborot-texnologiyalari sikli professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘quvchilarga zamonaviy uchuvchisiz uchish vositalarining turlari, ularning qo‘llanilishi, xavfsizlik qoidalari hamda huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatidagi ahamiyati haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Dronlarni boshqarish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy namoyishlar o‘tkazildi. Shuningdek, o‘quvchilar elektron tirda amaliy o‘q otish hamda avtomat Kalashnikov va Makarov pistoletlarini to‘liq va to‘liqsiz qismlarga ajratish mashqlarini bajarib ko‘rdilar.

Tadbir o‘quvchilarda harbiy va huquqni muhofaza qilish sohalariga bo‘lgan qiziqishni oshirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.