Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida "Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda ichki ishlar organlari xodimlarining diniy bilimlarini oshirish-davr talabi" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbati shaklida tashkil etilgan tadbirda Innovatsiya universiteti rektori, siyosatshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent Nuriymon Abulxasan, institut professor-o‘qituvchilari va tinglovchi-yoshlar ishtirok etdi.
Institutning Yuridik kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad - yoshlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishga harakat qilayotgan turli buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitetni shakllantirish, zarur vaqtda ana shunday kuchlarga qarshi maʼrifat bilan kurashish kerakligini tushuntirishdan iborat bo‘ldi.
Notiq jahonning barcha mamlakatlarida mavjud bo‘lgan va o‘z qatorini yoshlar hisobiga ko‘paytirish yo‘lida faoliyat olib borayotgan oqimlar haqida to‘liq va asosli fikrlar keltirdi. Tinglovchilarni ogohlikka daʼvat etish barobarida, bugungi kunda ijtimoiy hayotimizda, missionerlik, diniy ekstremizm va ommaviy madaniyat taʼsiriga tushib qolgan yoshlar to‘g‘risida batafsil maʼlumotlar berdi hamda bevosita bu kabi holatlar qatnashchilariga aylanib qolmaslik uchun avvalo ilm o‘rganish kerakligi haqida gapirib o‘tdi.
Tadbirda hozirgi ochiq axborot tizimi davrida aholi, avvalo yoshlarda har qanday axborotga nisbatan mafkuraviy immunitet hosil qilish, chetdan kelayotgan turli xil axborotlarni qabul qilishda analiz-sintez qila olish qobiliyatini shakllantirish lozimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbir so‘ngida tinglovchi-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassis tomonidan to‘laqonli va asosli javoblar olishdi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati