Kasbiy burch va masʼuliyat ramzi: tinglovchilar qasamyod qabul qildi

10.01.2026 131 marta ko'rilgan

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlikning navbatdagi kursida tahsil olayotgan 280 nafardan ziyod tinglovchilarning qasamyod qabul qilish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, faxriy xodimlar, shuningdek, tinglovchilarning ota-onalari va yaqinlari ishtirok etdi. Tantanali marosim Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi.

Marosim davomida tinglovchilar Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, xizmat burchini sidqidildan ado etishga qasamyod qildi. Qasamyod qabul qilish orqali ular ichki ishlar organlari xodimiga xos bo‘lgan yuksak masʼuliyat va burchni o‘z zimmalariga oldilar.

So‘zga chiqqanlar tinglovchilarni ushbu muhim hayotiy bosqich bilan tabriklab, ularning kelgusidagi xizmat faoliyatida sadoqat, halollik, intizom va kasbiy mahorat asosiy mezon bo‘lishi lozimligini taʼkidladilar. Shuningdek, ichki ishlar organlarida xizmat qilish nafaqat sharaf, balki ulkan masʼuliyat ekanligi alohida qayd etildi.


Institut Matbuot xizmati