Hashar — bu xalqimizning qadimiy va azaliy qadriyatlaridan biridir. Uning zamirida obodlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, xayr-sahovat va bunyodkorlik mujassam.
“Hashar — elga yarashar” degan maqol bejiz aytilmagan. Hasharda xalqimizga xos bag‘rikenglik, o‘zaro hamjihatlik, umumxalq bayrami oldidan mahallalar, ko‘chalar va aholi turar-joylarini obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik va hamjihatlik bilan amalga oshiriladi.
Bugun Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti va institutning Olmaliq o‘quv bazasi hamda Vazirlik o‘quv-dala markazida ham umumxalq hashari qizg‘in pallada.
Mamlakatimizga “Navro‘z” nafasi kelishi bilan Institut va uning atroflarini obod qilish uchun, ariq va zovurlar tozalanmoqda. Atrof-hududlarni maishiy chiqindilardan tozalash uchun ko‘chalarga suv sepib supirilyapti. Daraxt va nihollarga shakl berilib, yurt obodligini, ko‘rkamligini saqlashga xizmat qilmoqdalar.
Institut hududida gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekilib, daraxtlarni oqlash va butlash ishlari olib borilmoqda. Beton to‘siqlarga ohak surtilib, to‘siq va devorlarga bo‘yoq tortilyapti.
Ayni kunlarda Institut va uning boshqa o‘quv bazalari hududlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat ekish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati