O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi tomonidan imzolangan muzokaralar bayoniga muvofiq Koreya milliy politsiya agentligi va tegishli mutaxassislarning IIV Malaka oshirish institutiga tashrifi yakunlandi.
Tashrif davomida muzokaralar bayonida belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida mutaxassislardan iborat delegatsiya tomonidan Malaka oshirish institutida Simulyatsiya va modellashtirish markazi bosh rejasini ishlab chiqish, ta’lim sharoitlarini yaxshilash va xodimlar o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va markazni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash borasida loyihalash ishlari amalga oshirildi.
Tashrif yakunida Koreya milliy politsiya agentligi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi, unda Simulyatsiya va modellashtirish markazi uchun ajratilgan binoning rekonstruksiya qilish loyihasi va bosh reja taqdimot qilindi.
Muloqot so‘ngida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshlig‘i, t.f.n., dotsent, polkovnik O.T.Axmedov delegatsiyaning tashrifi jarayonidagi samarali mehnati uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, ushbu mehnatlari kelgusida institutda o‘quv, ta’lim va tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga hamda ichki ishlar organlari xodimlarini kasbiy bilimlarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati