Yangilik haqida batafsil

Tinglovchilar qasamyod qabul qildi
March 2, 2024

    Ichki ishlar vazirligi O‘quv-dala markazida Malaka oshirish institutida boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kurslarida tahsil olayotgan 600 nafardan ziyod xodimlarning qasamyod qabul qilish tantanali marosimi o‘tkazildi. Ular Vatanga muhabbat va el-yurtga sadoqat bilan xizmat qilishga va mamlakatimiz Prezidentiga sodiqlikka qasamyod qildilar. Unda Institut boshlig‘i, o‘rinbosarlari, kafedra, sikl, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

    Tadbir avvalida Institut boshlig‘i, texnika fanlari nomzodi, dotsent, polkovnik Olimjon Axmedov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Vatanimiz mustaqilligi, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ko‘z qorachig‘idek asrash, professional va xalqchil ichki ishlar organlari xodimlarini shakllantirish, xizmat nufuzini oshirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidladi.

    Ichki ishlar organlari salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga O‘quv-dala markazidagi o‘quv jarayonlarida alohida e’tibor qaratilayotganligini e’tirof etdilar.

      Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida bizga yuridik, kasbiy, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar va jismoniy tayyorgarliklarga ega bo‘lmoqdamiz, dedi tinglovchi Javohir Abodullaev. Fuqarolarga qonun doirasida xizmat ko‘rsatish, turli qaltis vaziyatlarda ruxiy barqaror bo‘lish, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni qo‘llash, o‘q otar qurollardan mohirona foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarimiz shakllanmoqda. Bugungi qasamyodimizga sodiq qolib, institutda olayotgan bilim va ko‘nikmalarimizni ona Vatanimiz ravnaqi, xalqimizning tinchligi, fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilishga safarbar etamiz.

    Tadbirda boshqa so‘zga chiqqanlar, mamlakatimizda keyingi yillarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangicha tizimini yaratilganligi, ichki ishlar organlarini el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma’noda xalqparvar tizimga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlab o‘tdilar va qasamyod qabul qilgan tinglovchilarga kelgusi sharafli xizmat faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

    Jumladan, tinglovchi Saidrasul Abdusalomovning onasi Dono Abdusalomova, farzandlarining Ichki ishlar organi xodimi, degan nomga munosib bo‘lishi va kelajakda el-yurt tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek mas’uliyatli, shu bilan birga sharafli kasbning haqiqiy jonkuyari bo‘lishiga, har qanday vaziyatdan qat’iy nazar o‘z qasamyodiga sodiq qolishlariga umid bildirdi. Qasamyod qabul qilgan barcha tinglovchilarni samimiy tabrikladi.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati