Yangilik haqida batafsil

YHXX xodimlari uchun o‘quv mashg‘uloti davom etmoqda
March 5, 2025

           Keyingi yillarda mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik natijasida yo‘l-transport hodisalari soni ham ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bu kabi noxush holatlarning oldini olish, binobarin, ayni yo‘nalishdagi qonunchilikni takomillashtirish, haydovchilar va piyodalarning masʼuliyatini, javobgarligini oshirish maqsadida joriy yilning 20 fevral kuni "Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi O‘RQ-1033-sonli qonun qabul qilindi.

         Ichki ishlar vazirligi masʼullari tomonidan Sirdaryo viloyati IIB JXX YHXB shaxsiy tarkibiga mazkur qonunning mazmun va mohiyati tushuntirilib, qonun bo‘yicha test sinovlari ham qabul qilindi.

        Mashg‘ulot qatnashchilari tomonidan amaliyotda duch kelayotgan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, ishtirokchilarning qiziqtirgan savollariga mutaxassislar javob berdilar.

        Darhaqiqat, mazkur Qonun yo‘l harakati ishtirokchilarining  yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy rioya etishini taʼminlashga hamda og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi.

 Institut Matbuot xizmati