Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi taʼlim muassasalari bo‘yicha bo‘limi xodimlari vazirlik Malaka oshirish instituti kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilari bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbir doirasida o‘qishda yuqori natijalarga erishib, namunali xulqi va odobi bilan tinglovchilar orasida shaxsiy namuna bo‘lib kelayotgan hamda o‘quv jarayonlari, turli tanlovlarda muntazam ravishda yuqori o‘rinlarni egallagan bir guruh tinglovchilar bo‘lim boshlig‘ining Faxriy yorlig‘i bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Ularning ota-onalariga minnatdorchilik xatlari topshirildi.
Bunday eʼtibor va ehtiromdan mamnun bo‘lgan tinglovchilar va ularning ota-onalari ko‘ziga quvonch yoshlari keldi.
Shu bilan birga, samimiy va dildan kechgan suhbatda o‘quv jarayonini sifatli va samarali tashkil etish bo‘yicha tinglovchilarning fikr-mulohazalar eshitilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
-Niyatimiz bitta – chuqur bilim va malakaga ega mutaxassisni, yurt taqdiriga daxldor sezadigan sog‘lom fikrli yoshlarni yetishtirish, deydi bo‘lim boshlig‘i O‘tkir Qosimov. Bu masʼuliyatli va sharafli katta yo‘lda jamiki kuch-salohiyatimizni sarflaymiz. Ishonamizki, tinglovchilarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik o‘zining kutilgan mevasini beradi, albatta. Zero, mehr-eʼtibordan kuch olgan yoshlargina Vatanga sadoqatli avlod bo‘lib kamol topadi.
Tadbir yakunida, “Nafsning so‘nggi manzili” nomli film namoyish etildi.
Institut Matbuot xizmati