Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida tahsil olayotgan tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining xizmat bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan egallangan nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida Vazirlik Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markaziga tashrif buyurdilar.
Masʼul xodimlar tomonidan tinglovchilarga markazning asosiy faoliyati haqida keng tushuntirishlar berildi. Jumladan, profilaktika inspektorlarining faoliyati bo‘yicha nazorat qilish va baholash tizimi, bunda “E-Jamoat xavfsizligi”, “E-Ijtimoiy vaziyat” kabi dasturlar, yo‘l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini saqlash xizmatlarining yagona axborot tizimlari hamda “Aqlli” kuzatuv kameralari integratsiyasi, uchuvchisiz qurilmalarni qo‘llash, shuningdek, markazda videoaloqa orqali profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, post-patrul va probatsiya xodimlari uchun masofaviy o‘quvlar, ommaviy tadbirlarni modellashtirish orqali nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tezkor choralar ko‘rish kabi zaruriy maʼlumotlar berildi.
Mazkur mashg‘ulot davomida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi hamda ularga xizmat faoliyatida eʼtibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan zaruriy maslahatlar berildi.
Institut Matbuot xizmati