Yangilik haqida batafsil

Navoiy haykali poyiga gulchambar qo‘yildi
Feb. 9, 2024

    Buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkir,  davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan har yili 9 fevral kuni yurtimizda keng nishonlanib, adabiy-ma’rifiy tadbirlar,   mushoiralar o‘tkaziladi. Ayni kunda Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi cheksiz ehtirom bilan nishonlanmoqda.

    Poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboniga erta tongdan tashrif buyurgan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ijodkor ziyolilar, adabiyot muxlislari, navoiyshunos olimlar, turli vazirlik va tashkilotlarning vakillari, talaba-yoshlar bilan bir qatorda alloma shoir bobomiz merosini asrab-avaylash, uni o‘rganish, keng targ‘ib etish borasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ishtirok etdilar.  

     Tadbirda Navoiy o‘z asarlarida xalqlar do‘stligi, ayniqsa, turkiy xalqlar hamjihatligiga, ta’lim-tarbiya, murabbiylar faoliyatiga ustuvor ahamiyat qaratganligiga, milliy o‘zlikni teran anglashda Navoiy ijodini mukammal o‘rganishga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

     Tantanali tadbirda shoirlar Alisher Navoiyga bag‘ishlangan she’rlarini o‘qib berdilar. Yoshlar va talabalar shoirning g‘azallaridan aytdilar. San’atkorlar tomonidan shoir g‘azali bilan aytiluvchi qo‘shiqlari ijro etildi.    

      Shundan so‘ng boshqa ishtirokchilar qatori Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, sohaviy xizmat xodimlari bilan birgalikda Institut professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari ham gulchambarlar qo‘yish asnosida Mir Alisher Navoiy siymosiga o‘zlarining hurmatlarini namoyon etdilar.

         Darhaqiqat, ulug‘ bobomiz xotirasini e’zozlash, uning ijodiy merosini o‘rganish, kelgusi avlodlarga yetkazish har birimizning oliy vazifamizdir.