O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshlig‘i polkovnik Olimjon Axmedovning Turkiya muvofiqlashtirish va hamkorlik agentligi (TIKA)ning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi direktori Ali Rizo Tezjan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Institut boshlig‘i, delegatsiyaning Malaka oshirish institutiga tashrifi bilan qutlab, Institut faoliyati, maqsad va vazifalari, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan o‘zaro munosabatlar rivojlanib, tobora mustahkamlanib borayotganligini ta’kidladi.
Muloqot davomida tomonlar joriy yilda Turkiya muvofiqlashtirish va hamkorlik agentligi (TIKA) tomonidan rejalashtirilgan loyihalar hamda tashkil etiladigan treninglarda vazirlik Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilarining ishtirokini ta’minlash, Turkiyaning turdosh oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni o‘rnatish, shuningdek Institutda TIKA loyihalari doirasida o‘quv xonasini tashkil etish bo‘yicha batafsil suhbat olib borildi.
Muloqot so‘ngida Ali Rizo Tezjan agentlikning tarixi, faoliyati va amalga oshirayotgan loyihalari bilan tanishtirib, rejalashtirilgan tadbirlarning samarali amalga oshirilishida barcha imkoniyatlarni ishga solishini bildirdi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati