O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida Koreya milliy politsiya agentligi va Kyungbuk milliy universiteti xodimlari tomonidan “Sud ekspertizasi turlari va sun’iy intellektni qo‘llash” mavzusi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslari boshlandi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahri va viloyati Ekspert-kriminalistika xizmati xodimlari, Malaka oshirish instituti va Akademiya professor-o‘qituvchilari oflayn, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ichki ishlar organlari xodimlari esa onlayn ishtirok etmoqda.
O‘quv kursini Institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Axmedov ochib berib, keyingi yillarda O‘zbekiston – Koreya munosabatlari izchil rivojlanib, bu ikki tomon uchun o‘zaro hamkorlik sohalarini taraqqiy etishiga xizmat qilayotganligini alohida ta’kidladi.
Mazkur o‘quv kurslari xodimlarga sud ekspertlik faoliyatining zamonaviy imkoniyatlari va kriminalistik ko‘zdan kechirishning ilg‘or yechimlari bo‘yicha uslubiyotlarni amaliy o‘rganishga hamda professor-o‘qituvchilarga o‘qitishning zamonaviy shakl va usullari, sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni qo‘llash istiqbollari bo‘yicha bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishlariga xizmat qiladi.
Institut Matbuot xizmati