O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida navbatdagi boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursi yakunlanishi munosabati bilan 64 nafar tinglovchilarning bitiruv tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘quv kursi Vazirlik sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida tashkil etildi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari va sohaviy xizmatlarning tajribali amaliyot xodimlari tomonidan nafaqat an’anaviy usullarda, balki, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini hamda interfaol usullarni qo‘llagan holda davra suhbati, bahs-munozara, seminar-trening, amaliy mashg‘ulot shakllarida olib borildi.
Mashg‘ulotlarda tinglovchilarning kasbiy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar-jismoniy, ruhiy, tibbiy tayyorgarligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolar bilan muloqotlarda yuzaga keladigan nostandart vaziyatlar, muammoli holatlar yuzasidan Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan videolavhalar orqali mavzularga doir huquqiy yechim va tavsiyalar ko‘rsatildi. Shuningdek, dam olish kunlari “Shahidlar hiyoboni”, “G‘alaba” va “Yangi O‘zbekiston” bog‘lariga ekskursiyalar tashkil etildi.
Bugungi tadbirda so‘zga chiqqan Institut boshlig‘i, polkovnik Olimjon Axmedov, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalardagi yangilanish va o‘zgarishlarga hamohang tarzda ichki ishlar organlari tizimlarida ham bir qator islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlab, bundan ko‘zlangan maqsad sohani jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, har qanday tahdid va xatarlarga qarshi kurasha oladigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qodir yetuk malakali kadrlar bilan ta’minlash ekanligini aytib o‘tdi.
Darhaqiqat, bugun Institutni bitirayotgan tinglovchilarimiz yurti- mizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashish yo‘lida o‘zlarining bor kuch-g‘ayratlari hamda bilim va ko‘nikmalarini safarbar etadilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Ichki ishlar organlarini xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirish, sohani bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, yuksak insoniy va yetuk salohiyatga ega yosh kadrlar bilan to‘ldirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligini e’tirof etdilar.
Tantanali tadbirda o‘quv dasturlar talablarini to‘liq o‘zlashtirgan yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga diplom va sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, o‘quv kursi davomida o‘zining kasbiy bilimlarini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan hamda namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq va tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati