Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “mayor" maxsus unvoni olish uchun maxsus malaka oshirish kursining 3-guruh tinglovchilari bilan "Axborot texnologiyalari sohasiga oid huquqbuzarliklar va yuridik javobgarlik" mavzusida Yuridik fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik B.K.Musurmanov va Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi bosh mutaxassisi, podpolkovnik Xikmat Djuraev bilan birgalikda binar mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mashg‘ulotda tinglovchilarga rivojlangan davlatlar qatori mamlakatimizda ham raqamli texnologiyalar har bir sohada keng tatbiq etib kelinayotgani, bugun internet tarmog‘i kirib bormagan biror bir hudud deyarli qolmaganligi, aholini barcha qatlamini kibertahdidlardan barvaqt ogohlantirish va internet tarmog‘idagi sodir etiladigan jinoyatlar qurboniga aylanib qolmasliklarini oldini olish maqsadida fuqarolar o‘rtasida faol targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib borilishi lozimligi tushuntirildi.
Shuningdek, so‘nggi paytlarda fuqarolarning e’tiborsizligi, o‘ta ishonuvchanligi, turli aldovlarga ergashishi natijasida kiberjinoyatlar sodir etilayotgani, ushbu jinoyatlarning ro‘y berish sabablarini o‘rganishlar davomida firibgarlar plastik karta foydalanuvchilariga kelgan SMS xabarnomadagi kodlarni to‘lovni amalga oshirish, har xil qimmatbaho yutuqlarni, pul mablag‘larini berish kabi bahonalar orqali egallab, undagi mablag‘larni o‘zlashtirish, shaxsiy ma’lumotlarni egallash va ularni oshkor qilish bilan qo‘rqitib turli huquqbuzurliklar sodir etilayotgani bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Mashg‘ulot davomida tinglovchilarning bu borada qiziqtirgan savollariga soha mutaxassisi tomonidan batafsil javob berildi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati