Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Maxsus-kasbiy fanlar kafedrasining malakali professor-o‘qituvchilari yu.f.b.f.d. (PhD), professor, podpolkovnik A.A.Amanov va katta o‘qituvchi, podpolkovnik Z.M.Alievalar Ichki ishlar organlarining barcha darajadagi bo‘lim boshliqlari, tuman (shahar, tarmoq) ichki ishlar organlari boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimiga tayyorlash uchun malaka oshirish o‘quv kurslariga jalb qilingan tinglovchilar bilan egallangan nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markaziga tashrif buyurdilar.
Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markazining ma’sul xodimlar tomonidan tinglovchilarga markazning asosiy faoliyati haqida keng tushuntirishlar berildi. Jumladan, profilaktika inspektorlarining faoliyatini 6 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat qilish va baholash tizimi, bunda "E-Jamoat xavfsizligi», " E-Ijtimoiy vaziyat" kabi dasturlar, yo‘l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini saqlash xizmatlarining yagona axborot tizimlari hamda «aqlli» kuzatuv kameralari integratsiyasi, uchuvchisiz qurilmalarni qo‘llash, shuningdek, markazda videoaloqa orqali profilaktika inspektorlari, yo‘l-patrul, post-patrul va probatsiya xodimlari uchun masofaviy o‘quvlar, ommaviy tadbirlarni modellashtirish orqali nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tezkor choralar ko‘rish kabi zaruriy ma’lumotlar berildi.
Mazkur mashg‘ulot davomida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi hamda ularga xizmat faoliyatida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan zaruriy maslahatlar berildi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati