Yangilik haqida batafsil

“Odam savdosiga doir ishlarni tergov qilish va sudda ko‘rib chiqish bo‘yicha amaliy qo‘llanma” sining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Aug. 14, 2024

     Poytaxtimizdagi "Courtyard Marriot” mehmonxonasining konferensiyalar zalida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markazi Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Odam savdosiga doir ishlarni tergov qilish va sudda ko‘rib chiqish bo‘yicha amaliy qo‘llanma”sining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

     Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar oliy maktabi, Bosh prokuraturasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, IIV Malaka oshirish instituti va IIV Akademiyasi xodimlari ishtirok edi.

    Qo‘llanma xalqaro tashkilotlar tavsiyalari hamda odam savdosiga qarshi kurashish masallari bo‘yicha O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan. Qo‘llanma odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish va jinoiy ta’qib qilish bilan shug‘ullanuvchi huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari xodimlari, shuningdek, ta’lim muassasalari va malaka oshirish kurslari o‘qituvchilari va tinglovchilarining bilim darajasini oshirishga mo‘ljallangan.

      Taqdimotda so‘zga chiqqan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Ulug‘bek Rasulev, qo‘llanmada tavsiyalar va o‘quv materiallari sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan nazariy va amaliy masalalar tahlil qilinganligini e’tirof etdi. Bu qo‘llanma IIV Malaka oshirish instituti tinglovchilarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim adabiyotlardan biriga aylanadi. Polkovnik U. Rasulev bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, kelgusida hamkorlikda seminar-treninglar o‘tkazish va boshqa yo‘nalishlarda ham adabiyotlarni hamkorlikda yaratish bo‘yicha takliflar bildirdi.   

       Kelgusida ushbu qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarining (IIV, Sud, prokuratura) xodimlarining seminar-trening, qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitishga xizmat qiladi.

 

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati