Ichki ishlar Vazirligi Malaka oshirish institutida tinglovchilar ishtirokida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Bektemir tumani bo‘limi tomonidan “Ilhaq” va "Ibrat" filmlari targ‘ibotiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Institut professor-o‘qituvchilari, xodimlar, tinglovchilar va Bektemir tumani Mirishkor mahalla faollari qatnashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi tarixi, O‘zbek xalqining qahramonona urf-odatlari, o‘tmish tarixini qamrab olgan holda hamda vatanparvarlik hissini oshiruvchi “Ilhaq” badiiy filmi real voqealarga asoslangan Ikkinchi jahon urushida farzandlarini yo‘qotgan onalar, ularning jasoratiga bag‘ishlangan. Filmning bosh qahramonlaridan biri - Toshkent viloyati Xonobod qishlog‘ida yashovchi Zulfiya Zokirova bo‘lib, ayaning urushda barcha 5 o‘g‘li halok bo‘lgan.
Ikkinchi jahon urushidagi voqealar va unda askarlar, zobitlar va generallar ko‘rsatgan jasoratni esga olar ekanmiz, Vatanga o‘zi uchun eng qadrlisi – o‘z o‘g‘illarini fido aylagan onalarni esga olmaslikning iloji yo‘q.
Film aynan shu maqsad – Vatan yo‘lida ulkan yo‘qotishni matonat bilan boshdan kechirgan onalar xotirasini abadiylashtirish maqsadida suratga olingan.
Yuqoridagi filmlar namoyishi orqali tinglovchilarning ona vataniga bo‘lgan sadoqati yanada mustahkamlanadi.
Film namoyishidan so‘ng, so‘zga chiqqanlar davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida yaratilgan ijod mahsuli xalqimizning boy ma’naviy xazinasidan o‘rin olishini e’tirof etdilar. Zero, bu kabi badiiy filmlar o‘zbek xalqining bemisl jasorati, matonati shu bilan birga oliyjanob xislatlarini ko‘rsatib bermoqda.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati