Yangilik haqida batafsil

“Uch avlod uchrashuvi” tinglovchilarga hayot saboqlarini berdi
Aug. 9, 2024

        Tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan “Uch avlod uchrashuvi” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida an’anaga aylandi.

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilari bilan o‘tkazilgan navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda vazirlik Faxriylar kengashi a’zolari, iste’fodagi general-mayor Xabibullo Xojimatov, iste’fodagi polkovnik Bahodir Mamatkarimov va Yoshlar yetakchilari kengashi raisi, mayor Yusufjon Yusufov, institut rahbariyati, xodimlari va tinglovchilar ishtirok etdi.

         Tadbirni institut boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Qodirjon Atabaev ochib, keyingi yillarda mamlakatimizda ro‘y berayotgan tarixiy o‘zgarishlar va yangilanishlarning mag‘zini chaqish, mazmunini ong-u qalb bilan anglab yetish va uni  ko‘z qorachig‘idek asrash har birimizning burchimiz ekanligini aytib o‘tdi.

      Uchrashuv davomida so‘zga chiqqanlar, faxriylar hayot yo‘li, soha rivoji uchun amalga oshirgan ishlari, bu yo‘lda uchragan mashaqqatlar va qiyinchiliklari xususida yosh avlod vakillariga hikoya qilib berdi. Kishi o‘z oldiga maqsad qo‘yishi va kelajagini rejalashtirishi lozimligi, bu yo‘lda albatta unga muammolar uchrashi va bu muammolardan bilimi, salohiyati va intilishlari bilan yengishi lozimligi barchaga ibrat bo‘lgulik hayotiy misollar asosida tushuntirib berildi.

      El-yurt ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbariga yaqin ko‘makchi, kamarbasta bo‘lish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz o‘rtasida kechgan samimiy suhbatlarning bosh mavzusiga aylandi.

    Darhaqiqat, ko‘pni ko‘rgan nuroniylar tajribasi yoshlar uchun katta ibrat maktabidir. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar tinglovchilarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undaydi. Bu kabi uchrashuvlar o‘tgan kunlarni xotirlash, bugungi o‘zgarishlarga shukronalar aytish – kelajak sari katta maqsadlar belgilab olishga xizmat qiladi.

                           IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati