Yangilik haqida batafsil

Nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unlashib
July 17, 2024

     Ayni kunlarda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakultetida “Yo‘l-patrul faoliyati” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan bo‘lajak yosh mutaxassislar Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, yo‘l-patrul xizmati brigadasi batalonlarida nazariy bilimlarini amaliyot bilan uzviy bog‘lagan holda zarur tajribalarini orttirishmoqda.

    Tinglovchilarning bir qismi Poytaxtimizning Yashnobod va Mirobod tumanlari hududida yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishayotgan bo‘lsa, boshqalari  targ‘ibot-tashviqot va reyd amaliyoti doirasida aholi gavjum maskanlarda bo‘lib amaliy bilimlarga ega bo‘lmoqda.

    Shuningdek, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, yo‘l-patrul xizmati brigadasi batalonlarida tinglovchilar mavjud texnikalar, bodi kamera hamda planshetlar va ularning imkoniyatlari bilan tanishdilar. Mutaxassislar ko‘magida ularni ko‘zdan kechirib, kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Amaliyot doirasida tinglovchilarning bevosita ishtiroki orqali  hududlarda yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasidagi bilimlari ham mustahkamlanmoqda.

     Hududlarda yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasidagi profilaktik targ‘ibot tadbirlari, o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari davomida transport vositasini mast holda, tegishli hujjatlarsiz boshqargan, qo‘pol turdagi qoidabuzarliklar sodir etgan haydovchilarga tegishli tartibda choralar ko‘rish borasida tinglovchilar o‘zlarida kerakli ko‘nikmalarni hosil qilmoqdalar.

     Amaliyotga institut Kasbiy tayyorgarlik fakulteti Maxsus fanlar sikli o‘qituvchilari va mas’ul yo‘l-patrul inspektorlari tomonidan zarur amaliy bilimlar berib borilmoqda. Tinglovchilarga yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun ushlangan transport vositalarini to‘xtash joylariga joylashtirishda yo‘l-patrul xizmati xodimi o‘rtasidagi muammoli vaziyatlar bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.

     Tinglovchilar amaliyot davri maroqli va mazmunli o‘tayotganligini ta’kidlashmoqda. 

 

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati