Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakultetida “Pasport tizimini ta’minlash” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan tinglovchilar Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Bektemir, Yashnobod va Mirobod tumanlari ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlarida malakaviy amaliyotni o‘tamoqdalar.
Tinglovchilarning nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari uchun ichki ishlar organlarida barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Amaliyotning dastlabki kunlarida tinglovchilar bo‘limlarning ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bo‘limlardagi mavjud ish jarayonlarini ko‘zdan kechirish tinglovchilar uchun qiziqarli va kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lishga ko‘maklashdi. Amaliyot davomida tinglovchilar ID karta va xorijga chiqish pasportini yangisiga almashtirish tartibi kabi bir qancha jarayonlarni kuzatish imkoniga ega bo‘ladilar. Bu o‘z navbatida, bo‘lajak mutaxassislarga sohaviy xizmat faoliyati va undagi tizim haqida to‘liq tasavvur beradi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati