Yangilik haqida batafsil

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida fakultativ mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tmoqda
July 5, 2024

     Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilarning huquqiy bilimlarini oshirish, qonunchilik hujjatlaridagi o‘zgartirishlar, normativ-huquqiy hujjatlarning shakli hamda ularni rasmiylashtirish tartib borasidagi malakasini shakllantirish maqsadida fakultativ mashg‘ulotlar tashkil qilindi.

     Mashg‘ulotlar Institut Kasbiy tayyorgarlik fakulteti Maxsus fanlar sikli malakali o‘qituvchilari tomonidan olib borilmoqda. Jumladan, Institut Maxsus kasbiy fanlar sikli o‘qituvchisi, podpolkovnik Bahrom Turg‘unboev tomonidan “Yo‘l-patrul faoliyati” yo‘nalishida tahsil olayotgan tinglovchilar bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 10 iyundagi “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati”  mavzusida mashg‘ulot o‘tkazildi.

     Fakultativ mashg‘ulotda interfaol metodlardan foydalangan holda tinglovchilarning mazkur farmonga oid bilim va ko‘nikmalari   shakllantirildi. Mashg‘ulotda ushbu farmonga muvofiq 2025 yil 1 yanvardan boshlab, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida ish boshlaydigan tergov sudyalari jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalalari, ya’ni, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish hamda prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi va boshqa iltimosnomalarni ko‘rib chiqishi to‘g‘risida ham tushunchalar berildi.

       Tinglovchilari o‘zlarining qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati