Yangilik haqida batafsil

“Yagona yo‘limiz – tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish”
June 20, 2024

     Prezident Administratsiyasi huzuridagi respublika ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda o‘rganish ishlari davom etmoqda. Ishchi guruh tarkibida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining tarjibali professor-o‘qituvchilari ishtirok etmoqda.     

     Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va ularga keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.

      Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi tadbirkorlari uchun qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlari mamlakatimiz tadbirkorlari uchun keng sharoitlar yaratish va faoliyatini yanada rivojlantirishga imkoniyatlar eshigini ochib berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu esa, tadbirkorlar tomonidan raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish orqali o‘z daromadlarini oshirishga zamin yaratmoqda.

      Xususan, To‘rtko‘l tumanidagi “Premium Golden-Grain-Products" MChJ korxonasi eksportbop un va un mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatimizda yetakchi o‘rinlarda kelayotgan korxonalardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

     Shu munosabat bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turgan Prezident Administratsiyasi ishchi guruh vakili IIV Malaka oshirish instituti Maxsus kasbiy fanlar kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Saparboy Allamberganov hamda tuman hokimligi mas’ullari ushbu korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

          Korxonada – kuniga 60 tonnagacha un ishlab chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lib, unda 40 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan bandligi ta’minlangan.

       Mas’ullar korxonada ishlab turgan zamonaviy texnikalar va ishchi – xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.

    Ishchi guruh To‘rtko‘l tumanidagi drayver sohasida shisha mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “To‘rtkul shisha idishlari” MChJ bo‘lmish yirik korxona faoliyati bilan tanishdi.

2019 yilda ishga tushirilgan ushbu korxona bugungi kunda shisha mahsulotlari bilan nafaqat mahalliy aholi ehtiyojini qondirish bilan birga,  xorijiy davlatlarga ham mahsulotlarni eksport qilib kelmoqda.

       Mazkur korxonada 160 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan bandligi ta’minlangan.

      Tashrif so‘ngida, ishchi guruh a’zolari korxonaning mas’ul xodimlari tomonidan ilgari surilgan taklif va tavsiyalari o‘rganildi.       

       Shuningdek, Prezident Administratsiyasi huzuridagi respublika ishchi guruhi a’zolari  To‘rtko‘l  tumanidagi “Mustaqillik” mahallasidagi xonadonlarda bo‘ldi.

       Bunda ishchi guruh tegishli mas’ullar bilan birgalikda mahalladagi xonadonlarda bo‘lib, ularning yashash sharoitlari bilan tanishdilar. Fuqarolarni bugungi kunda qiynab kelayotgan masalalar va muammolar to‘g‘risida suhbatlashildi.