Yangilik haqida batafsil

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida navbatdagi bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi
May 11, 2024

      Unda vazirlik, Bektemir tumani hokimiyati, tuman huquqni muhofаzа qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, Institut boshlig‘i, o‘rinbosarlari, kafedra, sikl, bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, faxriylar, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.

      Tadbirda so‘zga chiqqanlar, Davlatimiz rahbari tomonidan Vatanimiz mustaqilligi, davlat xavfsizligi va chegaralarimiz daxlsizligini ko‘z qorachig‘idek asrash, professional va xalqchil ichki ishlar organlari xodimlarini shakllantirish, xizmat nufuzini oshirish, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida katta ishlar amalga oshirilayotganligini alohida ta’kidladilar.

        Mamlakatimizda keyingi yillarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangicha tizimini yaratilganligi, ichki ishlar organlarini el-yurtimizning ishonchi va mehrini qozongan, tom ma’noda xalqparvar tizimga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlab o‘tdilar va qasamyod qabul qilgan tinglovchilarga kelgusi sharafli xizmat faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladilar.

      Ichki ishlar organlari salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ona yurtga mehri va sadoqatini oshirishga institutdagi o‘quv jarayonlarida alohida e’tibor qaratilganligini e’tirof etdilar.

        -Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan o‘quv dasturi asosida bizga yuridik, kasbiy, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar va jismoniy tayyorgarliklarga ega bo‘ldik, dedi tinglovchi Azamat Saibnozorov. Fuqarolarga qonun doirasida xizmat ko‘rsatish, turli qaltis vaziyatlarda ruxiy barqaror bo‘lish, tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni qo‘llash, o‘q otar qurollardan mohirona foydalanish bo‘yicha ko‘nikmalarimiz shakllandi. Institutda olgan bilim va ko‘nikmalarimizni kelgusida ona Vatanimiz ravnaqi, xalqimizning tinchligi, fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilishga safarbar etamiz.

     Tantanali tadbirda o‘quv dasturlar talablarini to‘liq o‘zlashtirgan yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.  

        O‘quv kursi davomida o‘zining kasbiy, bilimlarini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani va namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilarning ota-onalariga tashakkurnomalar berildi.

       Shuningdek, Bektemir tumanidagi yoshlar, o‘smirlar va 290-293- son umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi. Maktab o‘quvchilari institutdagi mavjud shart-sharoitlar, o‘quv jarayonlari bilan tanishdilar va tantanali tadbirda ishtirok etdilar.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati