O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va 2023 yil 7 apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, o‘quvchi yoshlar o‘rtasida futbolning ommaviyligini oshirish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish orqali jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan munosabatlarini o‘zgartirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Darhaqiqat, yoshlarning komil inson bo‘lib voyaga yetishi, kamol topishida ta’lim-tarbiya bilan bir qatorda sportning ham katta o‘rni bor. Qolaversa yoshlar auditoriyada bilim olishsa, sport maydonlarida chiniqib, kuch-quvvatga to‘ladi.
9 may- Xotira va qadrlash kuni munosabati Toshkent shahar Bektemir tumani umumta’lim maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Maktablarda futbol” shiori ostida “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti boshlig‘i kubogi” musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur musobaqada Bektemir tumanidagi 8 ta umumta’lim maktablarining 8 sinf o‘quvchilaridan iborat 8 ta jamoa ishtirok etishdi.
Musobaqaning ochilish marosimida so‘z olgan IIV Malaka oshirish instituti boshlig‘i, t.f.n., dotsent polkovnik Olimjon Axmedov barcha yig‘ilganlarni tabriklab, sportchilarga omad tiladi. Shuningdek, ochilish marosimida institut professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari, Bektemir tumani hokimiyati va tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul xodimlari, tuman huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, tuman umumta’lim maktab o‘qituvchilari-o‘quvchilari, tuman sport maktabi trenerlari ishtirok etishdi.
Murosasiz va qizg‘in bellashuvlarning yakuniy natijalariga ko‘ra, faxrli birinchi o‘rinni 290-umumta’lim maktab jamoasi, ikkinchi o‘rinni 289-umumta’lim maktab va uchinchi o‘rinni 291-umumta’lim maktab jamoalari qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, naminatsiyalar bo‘yicha musobaqaning “Eng yaxshi darvozaboni” 290-son umumta’lim maktab o‘quvchisi Mirzanvarov Bobur Anvar o‘g‘li, “Eng yaxshi o‘yinchi” 289-son umumta’lim maktab o‘quvchisi Axmadjonov Jasur Aziz o‘g‘li va “Eng yaxshi murabbiy” 293-son umumta’lim maktab o‘qituvchisi Ruslan Xamroqulovlar loyiq deb topildi.
G‘olib va sovrindorlar diplom medal, kubok va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandilar.
Shu bilan birga mazkur musobaqalarda faol ishtirok etganligi uchun Bektemir tumanidagi maktab direktorlarining har biriga IIV Malaka oshirish instituti rahbariyati nomidan tashakkurnoma e’lon qilindi.
Musobaqaning taqdirlash marosimida xushovoz xonanda Janze o‘zining kuy va qo‘shiqlari bilan ishtirokchilarni va mehmonlarni bahramand etdi. IIV Malaka oshirish instituti tinglovchilaridan tashkil topgan maxsus guruh qo‘l jangi usullari bilan ko‘rgazmali chiqishni namoyon etishdi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati