Yangilik haqida batafsil

Mashg‘ulotlarda bilim va ko‘nikmalar mustahkamlanmoqda
May 6, 2024

    Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish institutida Ichki ishlar organlarining safdorlik lavozimlariga xizmatga qabul qilingan xodimlar bilan boshlang‘ich kasbiy tayyorlash kursi tinglovchilari uchun “Jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni muhokama qilish tartibi” mavzusida mashg‘ulot o‘tkazildi.

      Institut Yuridik fanlar kafedrasi katta o‘qituvchi, podpolkovnik O.S.Subanov mashg‘ulot jarayonida so‘nggi yillarda mamlakatimizda jinoyatlarning profilaktikasiga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtaldi. Tinglovchilarga hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalar ishtirokida jinoyatlarning sabablarini o‘rganish, ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish masalalarini joyiga chiqqan holda «mahallabay» va «sohabay» muhokama qilish tartibi tushuntirildi. Og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar muhokamasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasidagi, uncha og‘ir bo‘lmagan va ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar — tuman (shahar) darajasidagi sektorlar hamda davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari tomonidan jamoatchilik vakillari ishtirokida amalga oshirilishi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.

   Mashg‘ulot davomida jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar muhokama qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydigan holatlar haqida ham atroflicha so‘z yuritildi.

      Shuningdek, kafedra o‘qituvchilari kapitanlar Jasur Hamraev Ichki ishlar organlarining ofitserlik lavozimiga xizmatga qabul qilingan xodimlarni qayta tayyorlash o‘quv kursi tinglovchilari bilan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning huquqiy asoslari” mavzusida, Doston Eshqulov boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursi tinglovchilari bilan “Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar va yuridik javobgarlik” mavzusida mashg‘ulotlar o‘tkazdilar. Mashg‘ulotlarda mavzularga oid batafsil ma’lumotlar berildi.

      Bunday muhim va dolzarb ma’lumotlar, shubhasiz, tinglovchining huquqiy savodxonligini yanada oshirish, jinoyatlarning sabablari va ularning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni o‘rganish, aniqlash va bartaraf etish amaliyotini yo‘lga qo‘yishni shakllantirishga xizmat qiladi.

 

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati