Yangilik haqida batafsil

“Biz nima uchun kitob o‘qishimiz kerak” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
May 4, 2024

      Bugun Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Biz nima uchun kitob o‘qishimiz kerak” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi, “Liderlar kitobi” muallifi Otabek Abdurashidovich Hasanov, Institut rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda “Fuqarolar bilan ishlash” moduli bo‘yicha tahsil olayotgan tinglovchilar  ishtirok etdi.

      Tadbir avvalida mavzuga oid videorolik namoyish etildi.

    Davra suhbatini  Institut boshlig‘i, texnika fanlari nomzodi, dotsent, polkovnik Olimjon Axmedov kirish so‘zi bilan ochib, mehmonni tanishtirdi.

       Tadbirda Otabek Hasanov bugungi kunda mamlakatimizda  kitobxonlikka, xususan, yoshlarni kitob mutolaasiga rag‘batlantirish borasida tinimsiz harakat olib borilayotganligini, tanlovlar, aksiyalar, uchrashuvlar, targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotganligini, bularning zamirida bitta maqsad – aholini kitobxonlikka o‘rgatish, unutilayozgan an’analarni tiklash va ilmga yo‘naltirish mujassamligi haqida ma’lumot berdi.   Zero, ilmu ma’rifat, keng dunyoqarash, ma’naviy yetuklik elu yurt taraqqiyotini, uning tinchligi va farovonligini belgilovchi omillardan biri sanalishini ta’kidladi.

      Kitob o‘qish ahamiyati va o‘qimaslik oqibati haqda fikr-mulohazalar bildirdi. Oilada ham ota-onalar, kattalar o‘zi o‘qigan kitob haqida yosh avlodga gapirib berishni odat qilishi muhim, deydi notiq.      -Farzandlar nima o‘qiyapti, kimning qanday asarini mutolaa qilyapti? Bu bilan qiziqishimiz, vaqti kelganda shu asar bo‘yicha bahs-munozara qilishmiz kerak.

    -Kitob o‘qimaslikka mingta bahonamiz bor, biroq kitob o‘qish uchun bitta bo‘lsa ham bahona topaylik, bu – Insoniylikni saqlab qolish bo‘lsin, dedi  Otabek Hasanov.

    Davra suhbati ishtirokchilarining kitob o‘qishga qiziqishini oshirish uchun o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi.

 

  IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati