Yangilik haqida batafsil

Inson huquqlari bo‘yicha mahorat darslari tashkil etildi
May 3, 2024

     Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan IIV 2-sonli Toshkent akademik litseyida 2-kurs o‘quvchilari uchun Inson huquqlariga oid qonunchilik va inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi.

    Ushbu mashg‘ulot IIV Malaka oshirish instituti hamda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida tashkil etildi.

      IIV Malaka oshirish istituti Yuridik fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik O.S.Subanov mahorat darsi jarayonida so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlariga qaratilayotgan e’tibor haqida to‘xtaldi. O‘quvchilarga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangan moddalar 3 baravar ko‘paygani, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya deklaratsiyasi hamda Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Jahon ta’lim dasturi izchillik bilan amalga oshirilayotgani yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.

     Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoevning  2023 yil 7 fevraldagi qaroriga asosan tasdiqlangan ikkita muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va ushbu Dasturni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga oid zarur axborot taqdim etildi.

     Mahorat darsi davomida milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg‘unlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ham atroflicha so‘z yuritildi.

     Bunday muhim va dolzarb ma’lumotlar, shubhasiz, o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini yanada oshirish hamda yoshlarimiz ongu shuurida inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishdek xayrli maqsadlarga xizmat qiladi.

 

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati