Yangilik haqida batafsil

Malakali kadrlar tayyorlash – zamon talabi
May 2, 2024

 

     Hozirgi globallashuv sharoitida yuksak salohiyatli, bilimli, mas’uliyatli kadrlarni tayyorlash, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni berish dolzarb masalaga aylangan. Bu borada Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakulteti vazirlik sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ygan. Ayni kunlarda Institutning Olmaliq shahridagi o‘quv bazasida Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilarining navbatdagi o‘quv kurslari bo‘lib o‘tmoqda. O‘quv bazasida tinglovchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

    Bugungi kunda institutda “Yo‘l-patrul faoliyati”, “Patrul-post xizmati faoliyati”, “Pasport tizimini ta’minlash faoliyati”, “Maxsus operatsiyalarni amalga oshirish faoliyati”,  “Jazoni ijro etish faoliyati” yo‘nalishlarida maxsus besh oylik dastur asosida belgilangan qabul kvotasi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

    O‘quv mashg‘ulotlari vazirlik soxaviy xizmatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida tashkil etildi. Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari va sohaviy xizmatlarning tajribali amaliyot xodimlari tomonidan nafaqat an’anaviy usullarda, balki zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda interfaol usullarni qo‘llagan holda davra suhbati, bahs, munozara, seminar-trening, amaliy mashg‘ulot shakllarida olib borilyapti.

    O‘qish davomida tinglovchilarning kasbiy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar, jismoniy, saf, ruhiy, tibbiy tayyorgarligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

   Mashg‘ulotlar boshlanganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada malakali ustozlar ko‘magida tinglovchilar yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelayotganiligi quvonarlidir. Xususan, o‘quv mashg‘ulotlarini a’loga o‘zlashtirgan, turli tanlovlarda, musobaqalarda munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallagan tinglovchilar borligi institutning ham faxridir.

      Jumladan, joriy yilning 21-26 aprel kunlari Andijon shahrida  sportning “Erkin kurash” turi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogida IIV Malaka oshirish instituti Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilari safdor Abbosjon Yo‘ldoshev 74 kg vazn toifasida hamda safdor Mironshoh Rajabov +125 kg vazn toifasida ishtirok etib kumush medallarni qo‘lga kiritdi.

     O‘quv mashg‘ulotlarida institutning malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan tinglovchilarning    kasbiy - huquqiy bilimlarini yuksaltirish maqsadida sohaga oid me’yoriy xujjat talablarini o‘rganish hamda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy xujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va kelgusida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

     Tinglovchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqlari, kelajakda mas’uliyatli va xalqparvar ichki ishlar organlari xodimlari bo‘lib yetishish yo‘lidagi intilishlari nazariy va amaliy mashg‘ulotlar jarayonida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Kelajakda ushbu tinglovchilar yuksak mahoratli kadrlar bo‘lib yetishib, yurtimiz rivoji uchun chin dildan xizmat qilishlariga ishonamiz.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati