Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati bo‘linmalari xodimlarini «Fuqarolar bilan ishlash moduli» bo‘yicha 144 soatli dastur asosida uzluksiz o‘qitish amaliyoti jarayonida bilim va ko‘nikmalari mustahkamlanmoqda.
Navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlarida interfaol metod va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanildi. Nostandart vaziyatlar, muammoli holatlar yuzasidan Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan videolavhalar orqali mavzularga doir huquqiy yechimlar tushuntirildi.
O‘quv kursi yakuniga ko‘ra tinglovchilar maxsus sinovdan o‘tkazildi hamda sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan xodimlarga kelgusida ushbu sohada xizmat qilish huquqini ta’minlaydigan sertifikat berildi.
Shuningdek, ichki ishlar organlarining barcha darajadagi bo‘lim boshliqlari, tuman (shahar, tarmoq) ichki ishlar organlari boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimiga tayinlanish uchun malaka oshirish o‘quv kurslari ham yakunlandi.
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati