<

Подробнее о новостях

Xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash — asosiy vazifamiz
June 17, 2025

      O‘quv jarayonining muhim qismlaridan biri sifatida IIV Malaka oshirish instituti  tinglovchilari bilan vazirlik Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi ta’lim muassasalari bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan “Xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash — asosiy vazifamiz” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

     Tadbirda mas’ul rahbarlar, tajribali mutaxassislar hamda tinglovchilar faol ishtirok etdi. Suhbat davomida xizmat intizomi, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniylikka amal qilishi, xizmatda va kundalik hayotda yuksak odob-axloq qoidalariga rioya etish masalalari keng muhokama qilindi.

      Ta’kidlanishicha, xizmat intizomi nafaqat ichki tartib-qoidalarga rioya qilish, balki fuqarolar bilan muloqotda ham insof, mas’uliyat va adolatni ta’minlashda muhim mezon hisoblanadi. Shuningdek, suhbatda xizmatda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar, ularning oldini olish choralari hamda tartibbuzarlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan qo‘llaniladigan javobgarlik choralari haqida ham ma’lumotlar berildi.

        Shundan so‘ng “Nafsning so‘nggi manzili” filmi namoyish etildi.

    Tinglovchilar tomonidan qiziqtirgan savollar o‘rtaga tashlanib, mutaxassislar tomonidan ularga atroflicha javoblar berildi. Davra suhbati ochiq muloqot va o‘zaro fikr almashinuv ruhida o‘tdi.

       Bu kabi tadbirlar xizmat intizomini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda ichki ishlar organlari xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

     Institut Matbuot xizmati