Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi faol ishtirokini taʼminlash, shuningdek, zo‘ravonlikka qarshi kurashish maqsadida ichki ishlar organlari tizimida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, Xorazm viloyati IIB shahar va tuman Ichki ishlar bo‘limlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari ishtirokida navbatdagi o‘quv-seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi. Seminarda xotin-qizlarga oid qonunchilikni puxta o‘rganish, ular bilan ishlashda ilg‘or tajribalarni qo‘llash, profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish kabi mavzular muhokama qilindi.
Tadbirda IIB xodimlariga xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, oilaviy nizolarni hal etishda muloqot madaniyati hamda psixologik yondashuvni qo‘llash bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
O‘quv-seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar va amaliy tavsiyalar bilan taʼminlandilar. Bunday tadbirlar xotin-qizlar bilan ishlash samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Maftuna Uzoqova,
O‘zDJTU talabasi,
IIV Malaka oshirish instituti Matbuot
xizmati amaliyotchisi