Navoiy viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi. Ikki kunlik mazkur tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
O‘quv kursida viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 70 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
Tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, qiynoq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazolarni butunlay istisno qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining kafedrasi katta o‘qituvchisi Olimjon Subanov “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari”, “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari” mavzularida ma’ruzalar va mashg‘ulotlar o‘tkazdi.
Amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, turli keyslar ustida ishladilar, qiynoqlarni aniqlash va hujjatlashtirish bo‘yicha ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.