O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-iyuldagi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning elektron tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi 431-son qarori talablari ijrosini ta’minlash maqsadida Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida yagona elektron ish yurituv tizimi orqali ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni yuritish tartibi joriy etildi.
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti Maxsus-kasbiy fanlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, Z.Aliyeva va Bektemir tumani bo‘yicha IIO FMB 3-son IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika inspektorlari E.Jabborov hamda M.Rajabovlar boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kursi tinglovchilariga “Ma’muriy huquqbuzarliklar sohasidagi hujjatlarni rasmiylashtirish” nomli mavzuni kengroq yoritib berdilar.
Amaliy mashg‘ulotda malakali xodimlar tomonidan Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida yagona elektron «E-ma’muriy ish» yurituv tizimi orqali huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni elektron shaklda Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomalarni to‘ldirish tartibi va rasmiylashtirish qoidalari planshet yordamida to‘liq ko‘rsatib, tushuntirib berildi hamda tuzilgan bayonnomalarning qog‘oz shaklidagi nusxalari tinglovchilarga o‘rganish uchun tarqatildi.
Mashg‘ulot yakunida tinglovchilar o‘zlarini mavzuga oid qiziqtirgan savollariga amaliyot xodimlaridan tegishli javoblar olishdi.
Institut Matbuot xizmati