Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari tarixiy obidalar va qadamjolar haqida ma’lumotlarni yanada boyitish uchun Toshkent viloyati Parkent tumani Zarkent qishlog‘ida joylashgan “Zarkent ota” ziyoratgohini ziyorat qildilar.
Chotqol tog‘ yon bag‘rida joylashgan “Zarkent bobo”, “Qush qo‘nmas avliyo” nomlari bilan mashhur bo‘lgan ziyoratgohdagi tabiiy buloq Zarkent qishlog‘ini ichimlik suv bilan ta’minlaydi.
Ziyoratgoh xodimlarining ta’kidlashicha, ushbu ziyoratgohning o‘ziga xos noyob xislati bor. Bu joydagi daraxt va butalarga bulbuldan boshqa qush qo‘nmaydi. Rivoyat qilinishicha, asli Shomda tug‘ilgan va zamonasining ilmli kishisi bo‘lgan Sayid Ja’far G‘oziy Zarkentga kelgani, bu yerda u kishiga Hizr alayhissalom uchragani, Sayid Ja’far G‘oziyning tashnaligini qondirish uchun hassasini toshga uradi va buloq paydo bo‘lgani, G‘oziy dushmanlari ta’qibidan xalos bo‘la olmagach, ushbu buloq atrofidagi butazorga kirib ketgan va qaytib chiqmaganligi, mahalliy aholining ta’kidlashicha, bu buloq suvidan ichgan odamlar bo‘qoq kasali bilan deyarli og‘rimasligi to‘g‘risida majmua mutaxassislari ma’lumotlar berdilar.
Tinglovchilar o‘z navbatida ushbu rivoyat va tarixiy bitiklarni maroq bilan eshitib, o‘zlari uchun yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ona tabiat qo‘ynida qo‘nim topgan ushbu maskanning tabiati, havosi ham tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi, qolaversa tarixiy obidalar va ziyoratgohlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘lgan shaxsning ma’naviyati ham mustahkam bo‘lishi ta’kidlandi.