Ichki ishlar vazirligi O‘quv-dala markazida Malaka oshirish institutning navbatdagi boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik o‘quv kursi tinglovchilarning qasamyod qilish va bitiruv tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Institut boshlig‘i, professor Olimjon Axmedov, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalardagi yangilanish va o‘zgarishlarga hamohang tarzda ichki ishlar organlari tizimlarida ham bir qator islohotlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlab, bundan ko‘zlangan maqsad sohani jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, har qanday tahdid va xatarlarga qarshi kurasha oladigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qodir yetuk malakali kadrlar bilan ta’minlash ekanligini aytib o‘tdi.
Tantanali tadbirda o‘quv dasturlar talablarini to‘liq o‘zlashtirgan yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, o‘quv kursi davomida o‘zining kasbiy bilimlarini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan hamda namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq va tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Institut Matbuot xizmati