Tinchlikdek bebaho ne’matni saqlamoq, avaylamoq shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Musaffo osmonimiz, fuqarolarning farovon umr kechirishi yurtimizdagi tinchlik tufaylidir.
O‘zbekiston tinch rivojlanayotgan, o‘z taraqqiyot yo‘lidan sobit borayotgan davlat. Lekin bu tinchlik va osoyishtalikka qanchadan-qancha Vatan xizmatchilari, yigit-qizlarimizning matonatli mehnati, fidoyiligi va yurtga mehr-muhabbati, sadoqati tufayli erishilayotganini hamisha ham his qilavermaymiz. Shu yurt tinch, el farovon bo‘lsin, deb kimlardir kechayu kunduz tinim bilmay ishlayotganini hamisha ham bilavermaymiz, qadrlamaymiz.
Bugun yurtimizda Vatan himoyachilari kuni. Mustaqil O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topganiga 33 yil to‘ldi. Barcha vatandoshlarimizni, xalqimiz farovonligi yo‘lida o‘z halovatidan kechib xizmat qilib kelayotgan barcha harbiylarni bugungi bayram bilan chin qalbdan tabriklaymiz!
M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA